Qonunchilikka ko‘ra, elektr va issiqlik energiyasini behuda sarflash, yaʼni elektr dvigatellaridan, elektr pechlari va boshqa elektr hamda issiqlik uskunalaridan muntazam ravishda, ishlab chiqarish zarurati bo‘lmagan holda to‘liq foydalanmaslik yoki ularni bekorga ishlatib qo‘yish, yoritish uchun elektr energiyasidan xo‘jasizlarcha foydalanish javobgarlikka sabab bo‘ladi. Buning uchun mansabdor shaxslarga BHM 5 baravaridan 15 baravarigacha (1 mln 700 ming so‘mdan 5 mln 100 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasining maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi
Umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish yoki ulardan foydalanish qoidalarini boshqacha tarzda buzish yoxud elektr, issiqlik energiyasi, tabiiy gazni hisobga olish asboblariga shu jumladan ularning plombalariga qasddan shikast yetkazish yoki bunday hisobga olish asboblarining ko‘rsatkichlarini o‘zgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashish, — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yigirma baravaridan yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarida qurilgan binolar hamda inshootlarni elektr energiyasi, issiqlik va gaz taʼminoti tashkilotlari tomonidan elektr, issiqlik va gaz tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulash, — mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining yetmish baravaridan sakson besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
101-modda. Elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish
⏺️ Xo‘sh, energiya samaradorligi va tejamkorligi nima?
Mavjud energoresurslardan tejamkorlik bilan foydalanish — bugungi kunning dolzarb masalasi. Buning uchun foydalanilmayotgan elektr jihozlari va yoritish uskunalarini tarmoqdan uzib qo‘yish, yaʼni ofis yoki yashash xonalaridan chiqayotganingizda elektr jihozlarini o‘chirib, tarmoqdan uzib orqali tejamkorlik tomon dastlabki qadamni tashlagan bo‘lasiz. Ish joyi va uy binosi xonalarini ko‘proq tabiiy yorug‘likdan (quyosh nuridan) foydalangan holda yoritishga harakat qilish ortidan ikkinchi qadamni bosasiz. Ko‘cha-kuyda, mahallada, dam olish maskanlari-yu boshqa jamoat joylarida foydalanilmayotgan elektr jihoz va qurilmalarini tarmoqdan uzib qo‘yishni talab qilsangiz — energiya tejamkorligi va samaradorligi bo‘yicha jamoatchilik nazoratini o‘rnatib, uchinchi qadamni tashlashga muyassar bo‘lasiz. Zero, dono xalqimizda “Dengiz sohilida tahorat olgan bo‘lsang ham suvni keragidan ortig‘ini ishlatma”, degan ibratli naql bor.
Energiya resurslaridan samarali (ratsional), yaʼni oqilona foydalanishga qaratilgan jarayonlar majmui — energiya samaradorligiga beriladigan birlamchi taʼrifdir. Binolarning energiya taʼminoti yoki ishlab chiqarish jarayonlari uchun kamroq energiya sarflash evaziga kerakli natijaga erishish ham samaradorlik ko‘rsatkichi hisoblanadi. Texnika va texnologiya rivojlanishining hozirgi darajasida yoqilg‘i-energetika resurslaridan foydalanishda iqtisodiy jihatdan asoslangan samaradorlikka erishish hamda atrof-muhitni muhofaza qilish talablariga rioya qilish ham shular jumlasidan. Energiya samaradorligiga oid tushuncha va bilimlar majmui muhandislik, iqtisod, huquq va ijtimoiy sohalar chorrahasida qaror topadi va har bir jamiyat uchun “lozim qiyofa”da shakllanadi.
⏺️ Milliy urf-odatlarimizda
Dunyo xalqlari o‘z milliy taraqqiyot bosqichlarida energiya samaradorligiga oid o‘ziga xos urf-odat va tushunchalarga ega bo‘lganlar va bunga iqlim sharoitining taʼsiri katta bo‘lgani tabiiy. O‘zbek xalqidayam aynan shunday. Birgina maxsi-kovush yoki do‘ppi-choponning ixtiro etilishi, yaʼni kiyim-kechaklarning energiya samaradorligi, kiyishga qulayligi va kamxarjligi jihatidan shu bosqich shakliga kelganda turg‘un qolishi ham fikrimiz dalilidir. Sovuq ob-havoli kunlarda isinishning eng samarali usuli sifatidagi ota-bobolarimiz ixtirosi — sandal (tancha), sinchli (yog‘ochli) uylar, uyning asosiy xonalaridagi issiqlik tashqaridagi iqlim bilan tezda almashmasligi uchun qurilgan ayvonlar, binoning tom qismida qor va yomg‘ir to‘planmasligi uchun qurilgan gumbazli binolar, yoki yoz kunlarida shimol tomondan esgan shamolning kichik tuynuk orqali yelvizakli oqimi hisobiga ichki hovli xonalarini sovitish borasidagi o‘ziga xos meʼmoriy yechimlari shulardan iborat.
⏺️ Zamonaviy hayotimizda
Maʼlumki, fizika qonunlarigaga ko‘ra, energiya bordan yo‘q, yo‘qdan bor bo‘lmaydi, faqat uning shakli (turi) o‘zgaradi. Bugungi kunda ham elektr energiyasi aylanma mexanik harakat evaziga magnit maydon hosil qilish orqali olinadi (issiqlik elektr stansiyalari va gidroelektr stansiyalarida) va iqtisodiyot tilida mahsulotning alohida turi deb ataladi. Negaki, uni g‘amlash yoyinki saqlab qo‘yishning imkoni yo‘q. Elektr energiyasining harakat tezligi yorug‘lik tezligiga teng bo‘lib, ishlab chiqarilgan ondayoq isteʼmol qilinadi. Mexanik energiyasi esa issiqlik energiyasi hisobiga (bug‘-gaz qurilmalarida) paydo bo‘ladi va bu jarayonni neft-gaz mahsulotlari yoki ko‘mir yoqilg‘isiz tasavur etish mumkinmas. Tabiiy boyliklarimiz esa behisob emas. Qolaversa, anʼanaviy turda elektr energiyasi ishlab chiqarish — ekologik barqarorlikka zid ko‘rsatkich. Shuning uchun mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalariga oid o‘nlab yirik investitsion loyihalar amalga oshirilmoqda.
Ofis xonalarining eshik va deraza romlari qishda issiq, yozda sovuq haroratni saqlash uchun izolyatsiya qilingan bo‘lishi, energiya tejamkor maishiy texnika va yoritish uskunalaridan foydalanish — energiya samaradorligi uchun dastlabki qadam hisoblanadi. Xuddi shu kabi neft-gaz mahsulotlaridan ham tejamkorlik bilan foydalanib, ulardan foydalanish samaradorligini oshirish mumkin. Isitish va sovitish jihozlaridan ham to‘g‘ri, oqilona foydalanish — energiya samaradorlik ko‘rsatkichlaridan biri. Ushbu ko‘rsatkichlar, avvalo, shaharsozlik loyihalari, bino-inshootlar qurilishini loyihalashtirish, qurilish materiallarini tanlash, sifatli qurish jarayoni, bino-inshootlarning ichki interyerni jihozlash, uni to‘g‘ri ekspluatatsiya qilish (bino-inshootlardan foydalanish) meʼyorlariga amal qilish bilan chambarchas bog‘liq. Oddiy so‘z bilan aytganda, noto‘g‘ri qurilgan bino-inshootdan tortib noto‘g‘ri foydalanilgan oddiy maishiy uskuna-jihozlargacha — iqtisodiyotga katta zarar, jamiyat va davlat taraqqiyotining kushandasi hisoblanadi.
❗️Elektr energiyasini tejash — undan oqilona foydalanish demakdir!
P/S: Elektr energiya ishlab chiqaruvchi Eskom kompaniyasining Janubiy Afrikada energiyani tejashga chaqiruvchi ajoyib ijtimoiy reklama bannerini o‘rnatdi. Unda: « Hamma joy yorug‘ bo‘lishi shart emas, faqat kerakli joylarni yoriting!» deb yozilgan.
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati