Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 23-noyabrdagi PF–199-son «Respublikada yashillik darajasini yana-da oshirish, «Yashil makon» umummilliy loyihasini izchil amalga oshirish orqali ekologik barqarorlikni taʼminlash chora-tadbirlari to‘g‘risida» farmoniga muvofiq amaliyotlar hayotga tatbiq etilmoqda. Namangan viloyati hokimiyati tomonidan o‘tkazilgan «Yashil bog‘» aksiyasida «Namangan magistral elektr tarmoqlari» filiali xodimlari ham faol ishtirok etishdi.
«Yashil makon» umummilliy loyihasinining navbatdagi tadbiri Namangan viloyatining Pop tumani hududi, 220 kV kuchlanishli «Obi hayot» podstansiyasiga eltuvchi yo‘lda barpo etilgani bilan ahamiyatli. Yaratilayotgan «Yashil bog‘» magistral yo‘l yoqasida bo‘lib, hududda o‘ziga xos ignabargli daraxtlar landshaftini barpo etadi.
Eslatib o‘tamiz, mamlakatimizda ekologik vaziyatni yaxshilash, transchegaraviy garmsel shamollari va chang-qum bo‘ronlarining atrof-muhitga zararli taʼsirlarining oldini olish maqsadida, «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida «Yashil belbog‘» tadbiri o‘tkazilib, Bo‘ka tumani, “Do‘stlik” MFY hududidagi 5 gektar yer maydoniga 20 ming dona terak ko‘chati o‘tqazilgan edi.
Bundan tashqari, Toshkent viloyati, Parkent tumani, Samsarak qishlog‘i hududiga tutash qir-adirlik maydoniga 1500 tup yapon saforasi va 2000 tup katalpa manzarali daraxt ko‘chati o‘tqazilayotgani maʼlum qilingan edi.
‖ Facebook ‖ Instagram ‖ YouTube ‖
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati