Yangiliklar
Elektr energiyasining «bazaviy me’yor»i – aholi iste’molchilari uchun ijtimoiy yordam
  • 12.07.2024
  • 235

Shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan elektr energiyasi va tabiiy gaz bo‘yicha belgilangan tariflar va ushbu manbalarni ishlab chiqarish jarayonlari haqida aholi o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Ayni shu talablar asosida «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ axborot xizmati rahbari Ulug‘bek Urunov ushbu qaror bilan belgilangan ijtimoiy normaning mohiyatini tushuntirib berdi:  

– Ochig‘ini aytish kerak, qaror bilan aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida 200 kilovatt•soat elektr energiyasi “ijtimoiy norma” sifatida belgilab qo‘yilgan. Agar aholi iste’molchilari tariflari elektr energiyasi tannarxiga tenglashtirilsa, iste’molchilarning to‘lov qobiliyatiga nisbatan biroz qiyinroq bo‘lar edi.  

Shundan kelib chiqib aytish kerakki, 200 kV•soat «limit» emas, bu «bazaviy me’yor», ya’ni elektr energiya iste’molchilar uchun ijtimoiy himoya unsuri sifatida saqlab qolingan «ijtimoiy me’yor» miqdoridir.  

Ayni paytda ijtimoiy tarmoq sahifalarida tobora muhokamalar markazida bo‘layotgan masala – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 16-aprel sanasida imzolangan 204-sonli qarorida (https://lex.uz/uz/docs/-6884060) belgilangan «bazaviy me’yor», ya’ni «ijtimoiy norma» haqida «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati axborot xizmati rahbari sifatida qisqacha o‘z fikrimni bildirishni lozim topdim.  

Ijtimoiy tarmoqlarda «200 kV•soat limit» deb atalayotgan elektr energiyasi miqdori limit emas, aslida iste’molchilar uchun davlat subsidiyasi ijtimoiy himoya unsuri sifatida saqlab qolingan «ijtimoiy miqdor», ya’ni imtiyoz miqdoridir.  

Bu masalani oddiy arifmetik misollarda tushuntirib bersak, masala mohiyatini anglash yanada osonlashadi.  

Bozor iqtisodiyotining bugungi sharoitida 1 kV•soat elektr energiyasining tannarxi taqriban 1000 so‘m atrofida ekanligini hisobga olsak, 2024-yil 1-may sanasidan aholi iste’molchilar bir oy yakuniga ko‘ra (misol uchun) 450 kV•soat elektr energiyasi iste’mol qilganda quyidagicha haq to‘laydi:  

200 kV•soat = 200 kV•soat «bazaviy me’yor» miqdori.  

250 kV•soat «bazaviy me’yor»dan oshgan qismi.  

– iste’molchi «bazaviy me’yor» miqdorida – 200 kV•soat x 450 so‘m = 90 000 so‘m;  

– davlat subsidiyasi – 200 kV•soat x 550 so‘m = 110 000 so‘m; 

– iste’molchi «bazaviy me’yor» miqdoridan oshganda – 250 kV•soat x 900 so‘m = 180 000 so‘m; 

– davlat subsidiyasi – 250 kV•soat x 100 so‘m = 25 000 so‘m. 

Demak, iste’molchi  (jami) 450 kV•soat uchun 270 000 so‘m.  

Davlat subsidiyasi (jami) 450 kV•soat uchun 135 000 so‘m to‘laydi.  

Xulosa shuki, Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 16-apreldagi 204-sonli qarorida elektr energiyasi uchun belgilangan narx tariflarida aholi iste’molchilarining barcha toifa va guruhlari uchun ijtimoiy himoya unsurlari saqlab qolingan holda, energiya resurslarning iste’molchilarga yetkazib berish tariflari uning tannarxiga yaqinlashtirish bosqichiga ko‘tarilgan, deya aytish mumkin. 

 

 

Nasiba Ziyodullayeva,  

Abror Sodiqov,  

Anvarxo‘ja Ahmedov (video-montaj), O‘zA  

Manba: https://uza.uz/oz/posts/elektr-energiyasining-bazaviy-meyori-aholi-istemolchilari-uchun-ijtimoiy-yordam_615640

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>