Yangiliklar
“Elektr energetikasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi uchinchi o‘qishda qabul qilindi
  • 09.07.2024
  • 180

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Elektr energetikasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.

Mazkur qonun loyihasi mamlakatimizning energetika xavfsizligini mustahkamlash, shaffof va raqobatbardosh elektr energiyasi bozorini rivojlantirish hamda sohaga xususiy investitsiyalarni jalb qilishni nazarda tutadi. Qonun loyihasi bilan elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash, saqlash, elektr energiyasi bilan taʼminlash, markaziy xaridorning funksiyalarini bajarish, elektr energiyasi savdosi, importi va eksporti litsenziya asosida amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Shuningdek, energetika bozori ishtirokchilarining maqomi, huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi nazarda tutilmoqda. Xususan, har bir elektr stansiyasi uchun alohida litsenziya olib, o‘zi ishlab chiqargan elektr energiyasini bozor ishtirokchilariga sotish huquqiga ega har qanday yuridik va jismoniy shaxs elektr energiyasini ishlab chiqaruvchilar hisoblanadi.

Bundan tashqari, mazkur qonun loyihasi bilan elektr energiyasi bozorini tashkil etishga oid qoidalar ham belgilanmoqda. Jumladan, bozor va uning ishtirokchilari faoliyati, narxlash mexanizmlari, tariflarni qo‘llash va elektr energiyasi bozoridagi o‘zgarishlar dinamikasini o‘z ichiga olgan yillik hisobot Energetika bozori regulyatori tomonidan eʼlon qilib boriladi.

Qonun loyihasida ijtimoiy himoyaga muhtoj isteʼmolchilarni qo‘llab-quvvatlashga oid normalar aks etmoqda. Ushbu isteʼmolchilar uchun qulay to‘lov shartlarini joriy qilish, oldindan to‘lov hisoblagichlarini o‘rnatish, taʼminotni vaqtincha to‘xtatib turishdan ozod qilish va boshqa ko‘rsatiladigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijtimoiy yoki moddiy yordam ko‘rsatish kabi choralar belgilanishi mumkin.

Elektr energetika sohasidagi faoliyatni litsenziyalash Energetika bozori regulyatori tomonidan amalga oshirish nazarda tutilmoqda. Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi mamlakatimizda sanoatni rivojlantirish, iqtisodiy o‘sishni taʼminlash va aholi farovonligini yuksaltirish, eng muhimi, ishonchli, xavfsiz hamda barqaror elektr taʼminoti tizimini yaratishga xizmat qiladi.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi.

>