O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023/2024-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, uni betalofat o‘tkazish, elektr energetika hamda gaz taʼminoti tizimini barqaror ishlashini taʼminlash, aholi va iqtisodiyot tarmoqlariga elektr energiyasi va gaz resurslarini yetkazib berishda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha bergan topshiriqlari ijrosini taʼminlash maqsadida “Namangan magistral elektr tarmoqlari” filiali balansidagi, “Qamchiq” dovoni hududidan kesib o‘tuvchi elektr uzatish havo tarmoqlarida qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqlari hamda 220 kV kuchlanishli “Sardor” podstansiyasida “Favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lganda obyekt rahbariyati, qutqaruv tuzilmalar hamda tegishli xizmatlari bilan hamkorlikda harakatlari” mavzusida maxsus-taktik o‘quv mashqlar o‘tkazildi.
Qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqi hamda maxsus-taktik o‘quv mashqlarida “Namangan magistral elektr tarmoqlari” filiali rahbar hamda ishchi-xodimlari faol ishtirok etib, yuqori natijalarga erishdilar.
Alohida taʼkidlandiki, o‘tgan yilgi anomal sovuqda yuzaga kelgan avariyalardan kelib chiqib, obyektlarning bu yil kuz-qish mavsumida barqaror ishlashini taʼminlash maqsadida qisqa muddatda rejali taʼmirlash ishlarini yakunlash va mavsumga tayyorgarlikni taʼminlash bo‘yicha amaliy harakatlarni yakuniga yetkazish zarur.
Maʼlumot o‘rnida aytish alohida taʼkidlash lozimki, yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlarining barqaror faoliyati uchun 2023-yilda 8 dona kuch transformatori, 36 dona o‘chirgich, 3 dona havo kompressori va uzunligi 830,68 km bo‘lgan 110–220–500 kV kuchlanishli elektr uzatish havo liniyalarini mukammal taʼmirlash, jumladan 289 dona podstansiya transformatori, 1532 dona o‘chirgich, 22 dona havo kompressori va uzunligi 4958,751 km bo‘lgan 110–220–500 kV kuchlanishli elektr uzatish havo liniyalarini joriy taʼmirlash rejalashtirilgan bo‘lib, 2023\2024-yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari, yaʼni magistral elektr tarmoqlari obyektlarida taʼmirlash-sozlash, qurilish-montaj, modernizatsiya-rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda.
Joriy yilning bahor oyida boshlangan mavsumiy tayyorgarlik ishlari 2023-yilning 1-oktabr sanasiga qadar davom ettiriladi.
Namangan viloyatida o‘tkazilgan o‘quv mashqlari ko‘rgazmali shaklda tashkil etilib, ularni o‘tkazish davomida har bir yuqori kuchlanishli podstansiya va liniyalar bo‘yicha ularga xizmat ko‘rsatuvchi bo‘lim va xizmatlar tomonidan mavsumga puxta tayyorgarlik ko‘rish, avariyalar sodir bo‘lganda tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish ishlarini tashkil etish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirish, avariya holatlarida hududiy boshqaruv organlarining hamkorlikdagi harakatlarini takomillashtirish, shuningdek, zahira materiallar to‘plamlari namoyishi, ularning soni hamda harakat qilish tartiblariga aniqlik kiritish kabilarga alohida eʼtibor qaratildi.
Mashq yakuniga bag‘ishlangan tadbirda “Namangan magistral elektr tarmoqlari” filiali tomonidan bajarilgan ishlar “mavsumga tayyor, qoniqarli” deb baholandi. Juzʼiy xato va kamchiliklar ham ko‘rsatib o‘tildi. Masʼullarga tegishli topshiriq hamda ko‘rsatmalar berildi.
“Namangan magistral elektr tarmoqlari” filiali
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati