Prezident raisligida raqamlashtirish bo‘yicha 2023-yilgi vazifalar va rejalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi boshlandi.
So‘nggi uch yilda IT sohasiga qaratilgan jiddiy e'tibor natijasida ma'lum o‘zgarishlarga erishilgani ta'kidlandi.
Masalan, o‘tgan yilda IT Park rezidentlari 5 trillion so‘mlik xizmatlar ko‘rsatdi (2021-yilda 2,5 trillion so‘m), 140 million dollarlik xizmatlarni eksport qildi (2021-yilda 50 million dollar).
Shu bilan birga, mavjud 715 ta davlat xizmatidan 370 tasi raqamli platformaga o‘tkazilib, bu xizmatlardan o‘tgan yili 12 million aholi foydalandi (2021-yilda 9 million bo‘lgan).
Raqamlashtirish natijasida 70 dan ortiq turdagi ma'lumot va hujjatlar aholidan talab qilinishi bekor qilindi.
Davlatimiz rahbari sohada amalga oshirilgan ishlar yetarli emasligini, IT xizmatlar eksportini kelgusida 1 milliard dollargacha oshirish reja qilinganini qayd etdi.
Buning uchun:
- kamida 100 ming nafar malakali dasturchi, IT arxitektorlari, operatorlari va muhandislari kerakligi;
- hududlarda yuqori tezlikdagi internet va mutaxassislar uchun shart-sharoitlarni kengaytirish lozimligi;
- xorijiy IT kompaniyalar ko‘payishi uchun yanada qulay muhit yaratish zarurligi;
- zamonaviy IT kasblarga o‘qitish tizimini yaratish kerakligi;
- aholi va tadbirkorlar uchun eng zarur bo‘lgan kamida 200 ta yangi elektron xizmatlarni ishga tushirish shartligini ko‘rsatib o‘tdi.
“O‘zbekiston MET” AJ Axborot xizmati