Hozirda, davlat ishtirokidagi korxonalar soni 2 117 tani tashkil etadi (227-AJ, 1 075-MChJ, 815-DUK), shundan 347 tasi bo‘lib to‘lash sharti bilan sotilgan. Bular faoliyatsiz yoki tugatish jarayoni olib borilayotgan korxonalar hisoblanadi. Ushbu korxonalarda davlat nomidan aksiyador (ishtirokchi, muassis) funksiyasi 70 dan ortiq vazirlik va idoralar, mahalliy hokimlik organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyatini tahlil qilish va monitoringini olib borish, ular faoliyati ochiqligi va shaffofligini ta'minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 30-oktabrdagi 674-son qarori bilan korxonalarning asosiy moliyaviy va iqtisodiy ko‘rsatkichlarini Davaktiv agentligi saytida joylashtirib borish belgilandi.
Shuningdek, Davaktiv agentligi tomonidan davlat ishtirokidagi korxonalar moliyaviy hisobotlarini umumlashtirish va sinxronlash maqsadida tegishli organlar bilan elektron ma'lumot almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan.
Shunga ko‘ra, 2021-yil yakuni bo‘yicha moliyaviy hisobotlar tahlili natijasi bo‘yicha, hisobot topshirgan 1770 ta korxonaning eng yuqori sof foyda olgan 20 ta, eng ko‘p zarar ko‘rgan 20 ta va davlat ulushi bo‘yicha eng ko‘p dividend to‘lagan (oraliq dividend va oldingi yillar qarzdorliklari bilan birga) 10 ta korxonalar ro‘yxati shakllantirildi.
Eng ko‘p sof foyda olgan va dividend to‘lagan korxona shubhasiz bu – “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” DK bo‘ldi, shuningdek, eng ko‘p zarar ko‘rib ishlagan korxona esa “O‘ztransgaz” AJ deb topildi (“O‘ztransgaz” AJ o‘tgan yil ham eng ko‘p zarar ko‘rgan korxona hisoblangan).
Davlat ishtirokidagi korxonalar va ularning ko‘rsatkichlari to‘g‘risidagi batafsil ma'lumotlar bilan Davaktiv agentligi rasmiy sayti orqali tanishishingiz mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Davaktiv agentligi tomonidan 2020-yil yakuni bo‘yicha ham Top-20 ta sof foyda va Top-20 ta zarar ko‘rgan korxonalar e'lon qilingan edi.