Avval xabar berganimizdek, Prezidentimizning tegishli qarorlariga muvofiq yurtimizda yangi, zamonaviy issiqlik elektr stansiyalar qurilib, bosqichma-bosqich ishga tushirilmoqda.
Ta'kidlash kerakki, joriy yilning o‘tgan uch oyi davomida yurtimizning 3 ta viloyatida umumiy quvvati 1 154 MVt bo‘lgan 5 ta yangi issiqlik elektr stansiyasi ishga tushirildi. Umumiy qiymati 705 million AQSh dollariga teng mazkur loyihalarning barchasi Turkiyaning “Aksa Enerji”, “Odas Enerji CA” va “Cengiz Enerji” kompaniyalari tomonidan amalga oshirildi. Xususan:
Birinchisi, Buxoro viloyatining Buxoro tumanida quvvati 270 MVt bo‘lgan gaz-porshenli issiqlik elektr stansiyasi;
Ikkinchisi, Toshkent viloyatining Qibray tumanida quvvati 240 MVt bo‘lgan bug‘-gaz qurilmasi;
Uchinchisi, Xorazm viloyatining Yangiariq tumanida quvvati 174 MVt bo‘lgan yangi issiqlik elektr stansiyasi;
To‘rttinchisi, Toshkent viloyatining Qibray tumanida quvvati 230 MVt bo‘lgan gaz-porshenli issiqlik elektr stansiyasi;
Beshinchisi, Toshkent viloyatining Qibray tumanida quvvati 240 MVt bo‘lgan zamoaniy issiqlik elektr stansiyasi ishga tushirildi.
Ushbu 5 ta elektr stansiya yiliga 9 milliard 400 million kilovatt-soat elektr energiya ishlab chiqaradi. Qurilmalarning energiya tejamkorligi hisobiga yiliga 1 milliard 275 million metr kub tabiiy gaz tejalishiga erishiladi. Tejalgan tabiiy gaz hisobiga qo‘shimcha 6 milliard 144 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoni yaratiladi.
Stansiyalar qurilishi davomida 2860 nafar ish o‘rni yaratilgan bo‘lsa, ular ishga tushishi natijasida 420 nafar yangi ish o‘rni yaratildi.
Ma'lumot uchun: Aprel oyida Samarqand viloyatining Nurobod tumanida quvvati 100 MVt bo‘lgan yirik quyosh fotoelektr stansiyasi (6-elektr stansiya) ishga tushiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi
Energetika vazirligi Matbuot xizmati
https://minenergy.uz/uz/news/view/1919
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati