24-26-mart kunlari birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TXIF) bo‘lib o‘tadi. Dunyoning turli mamlakatlarining ishbilarmon va siyosiy doiralar vakillari Forum ishtirokchilari va mehmonlari bo‘ladi.
Ayni paytda Forumda qatnashish maqsadida dunyoning 56 mamlakatidan 1,5 mingdan ortiq kishi, shu jumladan, xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari murojaat qildi.
Forum xalqaro kun tartibidagi muhim voqyeaga aylanadi. Tadbir dasturi panel sessiyalari, alohida mavzularga doir muhokamalar va davra suhbatlariga boy bo‘ladi. Uning davomida O‘zbekiston va mintaqa mamlakatlarining investitsiyaviy, savdo, sanoat, transport va tranzit salohiyati ochib beriladi, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha navbatdagi tadbirlar haqida so‘z boradi, hukumatning mamlakatni strategik rivojlantirish, xususiy sektorni rag‘batlantirish, xalqaro aloqalarni mustahkamlash va boshqa yo‘nalishlaridagi ustuvor vazifalari belgilanadi.
Shuningdek, forumda O‘zbekistonning turli tarmoqlari va hududlarining investitsiyaviy va savdo imkoniyatlari, moliya bozorini rivojlantirish istiqbollari, mahalliy sanoatni modernizatsiya qilish va raqamlashtirish, savdoni liberallashtirish va mamlakatni mintaqaviy va xalqaro bozorlarga integratsiyalash chora-tadbirlari to‘g‘risida taqdimotlar bo‘lib o‘tadi.
Forum, shuningdek, mushtarak maqsadlarga javob beruvchi loyihalar va tashabbuslar doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlikning istiqbollari va amaliy jihatlarini muhokama qilish maqsadida G2G, G2B i B2B shakllarida ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralarni o‘tkazish uchun samarali maydonga aylanadi.
Forum tadbirlari Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining Youtube kanalida, shuningdek, Facebook va Instagram ijtimoiy tarmoqlaridagi Vazirlikning axborot resurslarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri uzatiladi. Dunyoning istalgan nuqtasidan Internetga ulangan har qanday tomoshabin translyasiyani tomosha qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Forumda qatnashish uchun 20-martgacha http://www.iift.uz saytida ro‘yxatdan o‘tish mumkin.
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati