Bugun, 2022-yil 2-mart kuni Xalqaro press-klubda Energetika vazirligi tomonidan “Muqobil energiya manbalari – taraqqiyot poydevori” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.
Unda Energetika vazirligi rahbariyati, soha mutaxassislari, vazirlik huzuridagi Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot instituti olimlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda ta'kidlanganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda yashil energetikani rivojlantirish, xususan, quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Ushbu yo‘nalishda o‘tgan 3 yil ichida quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlikda 10 ta bitim imzolandi. Ta'kidlash kerakki, ushbu qisqa muddatda quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha Prezidentimiz tomonidan 9 ta qaror imzolandi.
Amalga oshirilayotgan tizimli ishlar natijasida, 2021-yilning avgust oyida Navoiy viloyatining Karmana tumanida sanoat miqyosidagi birinchi yirik 100 MVt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi.
Shu bilan birga, joriy yilning aprel oyiga qadar Samarkand viloyatining Nurobod tumanida ikkinchi 100 MVt quvvatli yirik quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirilishini rejalashtirilgan.
Joriy 2022-yilda ham qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasida yirik ishlar amalga oshiriladi.
Xususan, Buxoro, Namangan, Xorazm, Qashqadaryo, Farg‘ona va boshqa viloyatlarda umumiy quvvati 1 900 MVt bo‘lgan 8 ta quyosh fotoelektr stansiyalari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida umumiy quvvati 1 700 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyalarini qurish uchun loyiha bitimlari imzolanishi rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, 2023-yilda Samarqand, Jizzax, Navoiy va Surxondaryo viloyatlarida umumiy quvvati 1 097 MVt bo‘lgan 4 ta quyosh fotoelektr stansiyasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro (G‘ijduvon va Peshku) va Navoiy viloyatlarida umumiy quvvati 1 600 MVt bo‘lgan 4 ta shamol elektr stansiyasi “yashil” energiya ishlab chiqarishni boshlaydi.
2026-yilga borib O‘zbekistonda quyosh fotoelektr stansiyalari hajmi 4000 MVtni va Shamol elektr stansiyalari hajmi 4000 MVtga yetkaziladi hamda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining 25 foizi qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini tashkil qiladi.
Buning natijasida yiliga qariyb 3 mlrd kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi. Ushbu hajmdagi tejalgan gaz bilan 1 million xonadonni 1 yil davomida tabiiy gaz bilan ta'minlash mumkin.
Press-klubda O‘zbekistonda gidroenergetika sohasida ham amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma'lumot berildi. Xususan, 2017-2021-yillarda 11 ta yangi gidro elektr stansiyasi qurilib, 8 tasi modernizatsiya qilindi. Natijada 244 MVt qo‘shimcha quvvat yaratildi.
Qayd etish kerakki, 2022–2026-yillar davomida Samarqand, Surxondaryo, Toshkent, Qashqadaryo, Namangan va Andijon viloyatlarida 15 ta yangi gidroelektr stansiya (GES) quriladi. Shuningdek, mavjud 5 ta GES modernizatsiya qilinadi.
Buning natijasida, yiliga qo‘shimcha 868 MVt elektr energiyasini ishlab chiqarish quvvatlari barpo etiladi. Ushbu amalga oshirilgan ishlar hisobiga, 2026-yilga borib O‘zbekistonda gidroelektr stansiyalarining umumiy quvvati 2 920 MVtga yetadi.
Tadbirda aholi xonadoniga quyosh panellari va quyosh suv isitgichlarini o‘rnatish bo‘yicha ham amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma'lumot berildi. Xususan, ushbu qurilmalarni xonadonlarga o‘rnatish hisobiga bir qancha imkoniyatlarga ega bo‘linishi ta'kidlandi.
Jumladan, quyosh panellari va quyosh suv isitgichlarini o‘rnatganda fuqarolar uchun hyech qanday qo‘shimcha soliq yoki to‘lovlar joriy etilmaydi. Ushbu enegosamarador qurilmalarni o‘rnatish hisobiga xonadonni tekin va uzluksiz elektr energiyasi bilan ta'minlash imkoni yaratiladi.
Ikkinchidan, fuqarolar o‘z xonadonlariga o‘rnatgan quyosh panellar orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasidan foydalangan holda ehtiyojlaridan ortgan qismini hududiy elektr tarmoqlari korxonasiga sotishlari ham mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 14-apreldagi 217-son qaroriga asosan bugungi kunda O‘zbekistonda jismoniy va yuridik shaxslarga quyosh fotoelektr stansiyalar, quyosh suv isitgichlarini sotib olish va o‘rnatish xarajatlarining bir qismi Davlat byudjeti hisobidan qoplab beriladi.
Shuningdek, quyosh panellari va quyosh suv isitgichlarini o‘rnatgan jismoniy shaxslar 3 yil, tadbirkorlik sub'ektlari esa 10 yil davomida yer va mulk solig‘idan ozod bo‘ladilar.
O‘zbekiston Respublikasi
Energetika vazirligi Matbuot xizmati
Manba: https://minenergy.uz/uz/news/view/1854
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati
t.me/uzmetaxborotxizmati