Avval xabar qilganimizdek, Turkiyaning “Aksa Enerji” kompaniyasi tomonidan Toshkent viloyatining Qibray tumanida qurilgan, quvvati 240 MVt bo‘lgan bug‘-gaz elektr stansiyasining ochiq taqsimlash qurilmasiga ilk kuchlanish berilgan edi.
Mazkur elektr stansiya bugun, 2022-yil 14-yanvar kuni soat 11:15 da O‘zbekistonning yagona elektr tarmog‘iga quvvat uzatishni boshladi.
Ushbu issiqlik elektr stansiyasi yiliga 2,0 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi.
Qurilmalarning foydali ish koefitsienti yuqoriligi hisobiga, yiliga 290 million metr kub tabiiy gaz tejaladi. Tejalgan tabiiy gaz hisobiga qo‘shimcha 1 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoni yaratiladi.
Umumiy qiymati 150 million AQSh dollariga teng bo‘lgan mazkur loyiha Turkiyaning “Aksa Enerji” kompaniyasi tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hisobiga amalga oshirildi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur elektr stansiya “Aksa Enerji” kompaniyasi tomonidan respublikamizda ishga tushirilgan ikkinchi IES xisoblanib, birinchisi joriy yilning 11-yanvar kuni Buxoro viloyatida (quvvati 270 MVt) ishga tushirilgan edi.
O‘zbekiston Respublikasi
Energetika vazirligi Matbuot xizmati
https://minenergy.uz/uz/news/view/1711
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati