Yangiliklar
«O‘ZBEKISTON MILLIY ELEKTR TARMOQLARI» AKSIYADORLIK JAMIYATI: SANOAT VA YONG‘IN XAVFSIZLIGI TA'MINLASh MAVZUSIDA O‘QUV SEMINARI HAMDA 500 KV KUChLANIShLI «SO‘G‘DIYONA» PODSTANSIYASIDA KO‘RGAZMALI MAShG‘ULOT O‘TKAZILDI
  • 23.08.2021
  • 707

  Joriy yilning 19–20-avgust kunlari «Samarqand magistral elektr tarmoqlari» filialida «Muhim ob'ektlarni muhandis-texnik qo‘riqlash vositalari bilan jihozlanishi hamda sanoat va yong‘in xavfsizligi ta'minlashni tashkillashtirish» mavzusida o‘quv seminari hamda 500 kV kuchlanishli «So‘g‘diyona» podstansiyasida ko‘rgazmali mashg‘ulot bo‘lib o‘tdi.

  Rejaga muvofiq tadbirning birinchi kunida seminar ishtirokchilari Samarqand shahrida kutib olindi. Tarkibida 500 kV kuchlanishli podstansiya mavjud bo‘lgan 7 ta viloyat magistral elektr tarmoqlaridan filial direktorlari hamda xavfsizlik va maxsus ishlar bo‘yicha filiallarning mutaxassis xodimlari «GRAND SOGDIANA» mehmonxonasiga joylashtirilib, kunning ikkinchi yarmida madaniy tadbir — shahri azim Samarqandning tarixiy obidalari, diqqatga sazovor qadamjolari ziyorat qilindi. Dastlab «Go‘ri Amir» maqbarasi, so‘ngra «Registon» ansambli, «Bibixonim» jo'me masjidi, «Islom ota» maqbarasi, «Shohi Zinda» maqbaralar maskani ziyorat qilindi. 

 ✔️ Tadbirning ikkinchi kuni «GRAND SOGDIANA» mehmonxonasining majlislar zalida seminar ishtirokchilarini ro‘yxatga olish, so‘ng seminar tarqatma materiallar taqdim etish bilan boshlandi. Soat 9:00 dan 11:00 gacha davom etgan seminarda «O‘zbekiston MET» AJ Xavfsizlik va maxsus ishlar boshqarmasi boshlig‘i Haydarov Sarvarjon Pazladdinovich, Samarqand viloyati hokimiyati vakili Yazdonov Olmos Aslonovich, Samarqand viloyati milliy gvardiyasi Qo‘riqlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Tursunov Akmal Pardaevich, Samarqand viloyati FVB boshlig‘ining o‘rinbosari Ahrorov Umid Zaynullaevich, «Samarqand magistral elektr tarmoqlari» filiali direktori Qurbonov Fayzulla Zubaydullaevich, Samarqand viloyati prokuraturasidan vakillar hamda 7 ta viloyat magistral elektr tarmoqlaridan tashrif buyurgan mutaxassis xodimlar ishtirok etishdi. 

✔️ Shuningdek, tadbirda OAV vakillari, jumladan O‘zbekiston milliy axborot agentligining Samarqand viloyati muxbiri, «Zarafshon» gazetasi tahririyati (zarnews.uz elektron nashri) muxbiri hamda Samarqand viloyati milliy gvardiyasi Qo‘riqlash boshqarmasi matbuot xizmati va Samarqand viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmati xodimlari ishtirok etishdi.

  Tadbirni «O‘zbekiston MET» AJ Xavfsizlik va maxsus ishlar boshqarmasi boshlig‘i S.P.Haydarov ochib berdi va birinchi ma'ruza uchun so‘z Samarqand viloyati hokimiyati vakili O.A.Yazdonovga berildi. Viloyat hokimiyati vakili Samarqand viloyatda sanoat va yong‘in xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha olib borilgan ishlar yuzasidan qisqacha ma'lumot berib, kelgusida muhim ob'ektlarni muhandis-texnik qo‘riqlash vositalari bilan jihozlanishi bo‘yicha rejaga muvofiq qanday ishlar amalga oshilishi to‘g‘risida axborot berdi.

 ✔️So‘ngra Samarqand viloyati milliy gvardiyasi Qo‘riqlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari A.P.Tursunov muhim ob'ektlarni qo‘riqlash, harbiy xizmatchilarning jismoniy va ruhiy tayyorgarligini yuksaltirish, ularga munosib mehnat va maxsus xizmat talablariga muvofiq shart-sharoitlarini yaratish yuzasidan qilinayotgan ishlar, erishilgan yutuq va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar to‘g‘risida ma'ruza qilib, seminar ishtirokchilarini qiziqtirgan savollarga javob berdi.

 

  Seminar Samarqand viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari U.Z.Ahrorovning elektron slayd taqdimoti va hisobot-ma'lumotnomasi bilan davom ettirildi. Unda FVV, xususan viloyat boshqarmasi tomonidan «O‘zbekiston Respublikasi Fuqaro muhofazasi tuzilmalari va ular tashkil etiladigan tashkilotlarni belgilash tartibi to‘g‘risidagi Nizomi»ga asosan amalga oshirilayotgan ishlar, barcha iqtisodiyot ob'ektlarida Fuqaro muhofazasi vazifalarini bajarish maqsadida ushbu ob'ektlarning geografik joylashuvi, texnologik jarayoni va ishlatiladigan xomashyolarning turlari va miqdori, ob'ektlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vaziyatlar va mavjud shart-sharoitlar, ishchi-xizmatchilar hamda aholining soni va zichligi hisobga olgan holda Fuqaro muhofazasi tuzilmalarini tashkil etish yuzasidan mavzuga oid axborot taqdim etildi.

 

✔️ «Samarqand magistral elektr tarmoqlari» filiali direktori F.Z.Qurbonovning ma'ruzasi viloyat tasarrufidagi yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari va podstansiyalarda amalga oshirilayotgan qurilish-montaj, modernizatsiya-rekonstruksiya ishlari to‘g‘risidagi hisobot bilan boshlanib, Aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining topshiriq va ko‘rsatmalariga binoan podstansiyalarda ishchi-xodimlarga yaratilayotgan shart-sharoitlar, ish samaradorligini yuksaltirish maqsadida xarid qilinib topshirilayotgan jihoz va uskunalar haqida axborot berdi. Filial direktorining fikricha, Aksiyadorlik jamiyati tashkil etilgandan buyon elektr ob'ektlari ishchi-xodimlari uchun 20–30 - yil davomida yaratilmagan sharoitlar yaratilmoqda, bino va inshootlarning ta'miri, tom qismlari yopilishi, beton supalar, podstansiyalarning kirish qismidagi qo‘riqlash xizmati xodimlariga zamonaviy texnika va texnologiya, dispetcherlik xonasi va boshqa yordamchi xo‘jalik binolaridagi mehnat sharoiti zamon talablariga mos ravishda yaratib berilmoqda.

 

  Seminar yakunida «O‘zbekiston MET» AJ boshqaruvi raisining matbuot kotibi — axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi seminar ishtirokchilariga energetika sohasiga, jumladan elektr energetika tarmog‘iga raqamli texnologiyalar shiddat bilan kirib kelayotgani, bu ham mehnat samaradorligi, ham xavfsizlikni ta'minlash uchun katta imkoniyatlar tuhfa etishi, ammo kiberxavfsizlik bo‘yicha bir qancha kutilmagan muammolar tug‘dirishi haqidagi fikr-mulohazalarni o‘rtaga tashladi. Ma'ruzachi ayniqsa kibernetika bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash, maxsus tashkilotlarda ustoz-shogird an'analariga sodiq holda o‘ziga xos maktab yaratish lozimligi bo‘yicha ayrim tavsiyalarni berdi.

  Tadbir «O‘zbekiston MET» AJ Xavfsizlik va maxsus ishlar boshqarmasi boshlig‘ining yakuniy ma'ruzasi, seminar ishtirokchilariga ishtiroki uchun, Aksiyadorlik jamiyati rahbariyatiga tashkiliy ishlardagi yordami uchun tashakkur so‘zlari bilan yakunlandi.

 

 Shundan so‘ng seminar ishtirokchilari avtobusda, Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi avtomobilining kuzatuvida 500 kV kuchlanishli «So‘g‘diyona» podstansiyasiga yo‘l olishdi.

  Samarqand viloyatining Urut tumani hududida joylashgan yuqori kuchlanishli «So‘g‘diyona» podstansiyasi kirish qismida seminar ishtirokchilari podstansiya boshlig‘i va Milliy gvardiyasi qo‘riqlash bo‘linmasining boshlig‘i tomonidan kutib olinib, tadbir ishtirokchilari maxsus yo‘riqnoma tushuntirishlari o‘tkazildi. Qaydnomalar daftariga qayd qilingan tadbir ishtirokchilari yuqori kuchlanishli podstansiyaning kuchlanish ostidagi qurilmalar joylashgan hududida qo‘yilmasligi, harbiy tayyorgarlik o‘quv-taktik mashg‘ulotlari maxsus qurib bitkazilgan ayvon atrofida o‘tkazilishi tushuntirildi. Shu bois ishtirokchilarga maxsus kiyim-bosh — kaska va boshqa himoya jihozlari tarqatilmadi.

 ✔️ Xavfsizlik texnikasi yo‘riqnomasidan so‘ng «So‘g‘diyona» podstansiyasi boshlig‘i tadbir ishtirokchilariga elektr ob'ektining qisqacha tarixi, elektr ta'minoti umumtizimidagi ahamiyati, ishchi-xodimlar soni, amalga oshirilgan kapital va joriy ta'mirlash ishlari, shuningdek, ishchi-xodimlarga yaratilgan sharoitlar, dam olish, ovqatlanish, maxsus jihozlarni saqlash xonalari, olib borilgan obodonchilik ishlari xususida axborot berib, bu ishlarni amalga oshirishga ko‘mak bergan rahbar xodimlarga, Aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi qurilish-montaj tashkilotlariga, xususan «4-sonli montaj boshqarmasi» AJning qurilish brigadasiga  o‘z minnatdorligini bildirdi.

 

✔️  Tadbirning ikkinchi qismi maxsus qurilgan ayvon atrofida saf tortgan «So‘g‘diyona» podstansiyasi muhandis va motyorlari, Harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmasi xodimlari, «So‘g‘diyona» podstansiyasi Milliy gvardiya qo‘riqlash bo‘linmasi, Samarqand viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi bo‘linmasi, maxsus jangovar bo‘linma askarlari, Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi bo‘linmasi — o‘t o‘chiruvchilar brigadasi, Ichki ishlar boshqarmasining tezkor bo‘linmasi va tergov bo‘limi mutaxassislari hamda Samarqand viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi shifokorlari va boshqa maxsus tayyorgarlikka ega mutaxassislarning hisobotini tinglash bilan boshlandi.

  ✔️ Saf tortgan bo‘linma mutaxassislari turli vaziyatlarda qay tartibda harakat qilishi, ixtiyorida qanday avtomobil va mexanizmlar, zamonaviy asbob-uskunalar va jihozlar borligi, respublika miqyosida o‘tkaziladigan musobaqa va tanlovlarda qanday o‘rinlar olishga muyassar bo‘lgani haqida so‘zlab berishdi. So‘ng seminar va ko‘rgazmali mashg‘ulot ishtirokchilari o‘rtasida savol-javoblar muhokamasi yangrab, o‘zaro fikr almashinildi. 

✔️ Jangarilar bartaraf etilgani, qo‘riqlanayotgan elektr ob'ekti ish faoliyati barqaror ekanligi bo‘yicha hisobot berildi va qo‘riqchilarning muhim jangovar holati maxsus komissiya xulosasidan so‘ng yumshatilishi mumkinligi e'lon qilindi.

  Albatta, ko‘rgazmali mashg‘ulotlarda ayrim seminar ishtirokchilari va OAV xodimlari ilg‘amagan juz'iy xatolar bo‘yicha tanbeh va tavsiyalar berildi. Misol uchun, shovqinni eshitib voqyea joyiga kelishi mumkin bo‘lgan aholi vakillarini himoyalash (hududga kirgizmaslik) bo‘yicha tegishli tartibga amal qilinmagani, shuningdek, tez tibbiy yordam shifokorlari avval tan jarohati olgan qo‘riqchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, keyin qo‘liga kishan taqilgan shartli jangarilarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishi kerakligi yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar sifatida tilga olindi. Boshqa barcha jarayonlar a'lo baholarga bajarilib, sahnalashtirilgan o‘quv mashg‘ulotining darajasi seminar ishtirokchilari tomonidan yuqori baholandi. OAV vakillari mutaxassislar bilan o‘z taassurotlarini bo‘lishib, savollariga javob olishdi.

⚔️  Dastlab qurollangan shartli jangarilar podstansiyaning tashqi tomonida turuvchi navbatchi bo‘linma — nazoratchi askarlarini qo‘qisdan o‘qqa tutib, kirish taqiqlangan hududni egallab olishadi. Bu paytda podstansiyaning darvozasi bloklanib, atrof hududi himoyaga olinadi. Son jihatidan ko‘pchilikni tashkil etgan jangarilar safidagi bir necha kishini yo‘qotib, ammo harbiy qo‘riqchilarni zararsizlantirib (shartli ravishda yo‘q qilib), ularning liboslarini kiyib olishadi. yetib kelgan maxsus bo‘linma hujum uyushtirib, kuzatuv punktini egallab olishdi. Bu jarayonga podstansiyani ichkaridan bloklagan harbiy xizmatchilar yordam berishdi. Shundan so‘ng tergov bo‘linmasi va tez tibbiy yordam shifokorlari voqyea joyiga yetib kelib, qo‘lga olinganlarni tergov izolyatoriga, voqyea joyida nobud bo‘lgan qo‘riqchi va jangarilarni shifokorlar xulosasi hamda tergovchilar amaliyotidan so‘ng tibbiy ekspertizaga yuborishdi.

✅ Mamlakatimizning sanoat va yong‘in xavfsizligi masalalari doimiy tartibda o‘tkaziladigan seminar va o‘quv mashg‘ulotlari, idoralararo musobaqa tadbirlari, favqulodda tekshirish va o‘rganishlar o‘tkazish, eng muhimi, harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalari hamda maxsus tayyorgarlikka ega harbiy xizmatchilarning bilim-saviyasi, o‘z ustida ishlashi, jismoniy tayyorgarligidan tortib ma'naviy dunyosi, vatanparvarligi, insonparvarligi, oilaparvarligi va boshqa yuzlar ta'sir omillariga bog‘liqligi alohida ta'kidlab o‘tildi.

  Bu kabi seminar va mashg‘ulotlar boshqa elektr ob'ektlarida davom ettirilishi aytilib, tadbir yakunlandi. Mamlakatimizda elektr ta'minotining barqarorligi iqtisodiyot tayanchi ekanligi alohida e'tirof etildi.

✍️ Ulug‘bek Urunov, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining matbuot kotibi — axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>