Qish oylarida Energetika vaziri Alisher Sultonov energiyani tejab ishlatish, yurtimizda tejamkor texnologiyalardan foydalanish masalasi oqsayotgani to‘g‘risida gapirgan edi. Vazirning gaplari anchagina keskin munosabatlarga sabab bo‘ldi. Ammo bu borada u haq ekanini ta'kidlaganlar ham ko‘p. Tejamkor texnologiyalar nafaqat korxona va tashkilotlar, balki aholi tomonidan ham hali to‘liq o‘zlashtirilgani yo‘q. Bu esa energetik muammolarning keskin tus olishi bilan birga, ekologiya, atrof-muhit muhofazasi, atmosferaning zararli gazlar bilan ifloslanishga ham sabab bo‘lishi mumkin.
Bilasizmi? Uylarimiz, ko‘chalarimiz, ish joylarimizni yoritib turgan oddiy chiroqlar, elektr texnikalarining boshqa vositalari ham xuddi mashinalar kabi o‘zidan zararli tutun chiqaradi. Butun dunyoda avtotransportlar shaharlar havosini qanday zararlayotgan bo‘lsa, chiroqlar keltirayotgan ziyon ham undan aslo kam emas. Bu gaplarga “chiroqlar ham tutarkanmi?”, deb hayron bo‘lmang. Ular uchun sarflanayotgan tokni ishlab chiqarishga minglab tonna ko‘mir, hisobsiz gaz, mazut va boshqa turdagi uglevodorodlar yoqilishini tasavvur qilsangiz, bunga o‘zingiz ham amin bo‘lasiz. Faqat “chiroqlarning tutuni” shaharlar chetida yirik IESlar mo‘risidan buruqsab ko‘tarilayotgan, pag‘a-pag‘a qop-qora bulutlar ko‘rinishida tabiatimizga mislsiz zarar yetkazmoqda. Mazkur stansiyalarning bizdan uzoqroqda joylashgani havotirlanmaslik uchun asos emas. Zero, ularning tutuni shamol va boshqa tabiat hodisalari oqibatida baribir shahar va qishloqlarimizgacha yetib keladi. Ammo biz esa bunga mutlaqo e'tiborsizmiz.
Ishlamaydigan qarorning nima keragi bor?
Masalan, mavjud energiya resurslaridan oqilona foydalanishga va energiya resurslarini tejashga qaratilgan Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 20-oktabrdagi “Energiyani tejaydigan lampalar mahalliy ishlab chiqarilishini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori talablariga binoan, 2017-yil 1-yanvardan boshlab cho‘g‘lanma lampa mahsulotlarini realizatsiya qilish taqiqlangan bo‘lsa-da, svetodiot chiroqlar hamon cho‘g‘lanuvchi volframli lampochkalarni sotuvdan siqib chiqarolmadi. Afsuski, yuqoridagi qaror ishlayotgani yo‘q. Bozorlar, do‘konlar rastalarida 100, 220 volt undan yuqori kuchlanishli bu kabi chiroqlarni bemalol topish mumkin. Vaholanki, bitta cho‘g‘lanuvchi chiroqqa sarflanadigan energiya hisobiga 10 ta svetodiot chiroq yonib turadi. Ya'ni bitta xona o‘rniga 10 ta xonani yoritish mumkin. Tabiatga yetkazilayotgan zarar ham hozirgidan 10 barobarga kamayadi.
Energetika vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, hozirda O‘zbekistonda volframli chiroqlar ishlab chiqarish to‘xtatilgan. Bozor va do‘konlardagilari esa qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasidan import qilinadi. O‘zimizda bir necha korxonalar turli xildagi svetodiot chiroqlar ishlab chiqaradi.
Kim aybdor?
Xo‘sh, ishlab chiqarilishi va savdosi taqiqlanganiga to‘rt yildan oshgan cho‘g‘lanuvchi chiroqlar nega hamon bozorlarimizda erkin sotilyapti?
— Darhaqiqat, Vazirlar Mahkamasining yuqoridagi qaroriga asosan, 40 Vt.dan yuqori quvvatga ega cho‘g‘lanma lampalarning mamlakatimizda erkin muomalaga chiqarilishi, sotilishi taqiqlangan, — deydi Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati mas'ul xodimi Husanjon Tangriyev. — Bizning xodimlar cho‘g‘lanma lampalarning chegaralarimiz orqali noqonuniy olib kirilishi va xufiyona aylanishiga qarshi tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yishgan. Shunga qaramay, turli noqonuniy yo‘llar bilan bu kabi mahsulotlarni olib kirishga urinishlar hamon kuzatilyapti. Masalan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi tomonidan Nukus shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro B.M. xorijda ishlab chiqarilgan jami 1000 dona (100Wquvvat) elektr cho‘g‘lanma lampalarini noqonuniy ravishda sotayotgan vaqtida to‘xtatib qolindi. Yuqoridagi mazkur masalada amalga oshirilayotgan ishlarning bir qismi, xolos.
Hech kimni tanqid qilish niyatida emasmiz. Ammo mutasaddilar aytayotgan gaplar bozorlardagi real holatga qarama-qarshi. Istagan odam xo‘jalik do‘konlari, qurilish mollari bozorlarida cho‘g‘lanma chiroqlar ochiqchasiga sotilayotganini guvohi bo‘lishi mumkin. Tadbirkorlar katta-katta qutilardagi bu mahsulotlarni yashirib ham o‘tirishgani yo‘q.
Arzon va qimmat
10 barobar tejamkorlikka erishish orqali oddiy fuqarolar, korxona va tashkilotlar, energetika tizimi, ekologiyaga birdek foyda keltiradigan svetodiot texnologiyalar kutilganidek o‘ta ommalashib ketmagani, bozor va do‘konlarimizda hamon eski chiroqlar xaridorgir ekanining sabablaridan biri sifatida svetodiot lampalarning qimmatligini keltirish mumkin. Masalan, 10 vattli lampaning ulgurji bahosi 17 ming so‘m. Xuddi shu vazifani bajaruvchi 100 voltli cho‘g‘lanuvchi chiroq esa 5 ming so‘m.
Vujudga kelgan vaziyatda narxlarni arzonlashtirish masalaning yechimi bo‘la olardi. Ammo mamlakatimizda LED lampalar ishlab chiqaradigan korxonalar ko‘p emas. Bilganimiz, uzoq yillardan buyon monopoliyada ayblanib keladigan o‘sha mashhur “Akfa” tizimining “Akfa LED” korxonasidir. “Akfa LED” tejamkor chiroqlar masalasida davlatning deyarli barcha buyurtmalarini bajarib keladi. Jumladan, hozirda ko‘chalarimizga o‘rnatilayotgan yangicha lampalarning asosiy qismi ham ana shu korxonada ishlab chiqilgan.
O‘ylashimizcha, sohaga kichik biznes, xususiy tadbirkorlikni keng jalb qilish orqali bu turdagi ishlab chiqarishni ko‘paytirish, korxonalar o‘rtasida raqobatni shakllantirish mumkin. Yo‘qsa, aylanma yo‘llar bilan kirib kelayotgan isrofgar chiroqlar yo‘lini to‘sib bo‘lmaydi. Bajarilmaydigan qarorlardan esa tabiatga ham, energetika tizimiga ham hech qanday naf yo‘q.
Saida IBODINOVA.
Manba: http://mahalladosh.uz/post?id=9199
✍️ «O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati